Yo'riqnoma: barcha funksiyalar
Platformadagi har bir imkoniyat nima qiladi, kim ishlatadi, qayerda joylashgan va qanday ishlaydi.
Kirish va hisob 12Obuna 3Telegram bot 8Aloqa 8Boshqaruv 22Natijalar 11Qulayliklar 10Test tuzish 14Imtihon 13
Kirish va hisob
| Funksiya | Kim uchun | Qayerda | Qanday ishlaydi |
|---|---|---|---|
| Tizimga kirish | Hamma | Kirish sahifasi | Login va parol bilan kiriladi. Parol 5 marta xato kiritilsa, hisob 15 daqiqaga bloklanadi (son va muddat Sozlamalarda o'zgartiriladi). O'quvchilar faqat kompyuterdan kira oladi. |
| Ro'yxatdan o'tish | Xodimlar va ota-onalar | Ro'yxatdan o'tish sahifasi | O'qituvchi va maktab administratori o'zi ariza qoldiradi, yuqori turuvchi administrator tasdiqlagach kira oladi. Ota-ona farzandining ulanish kodi bilan o'zi ro'yxatdan o'tadi (yoki login-parolni maktabdan oladi). O'quvchilarga login-parolni maktab beradi. |
| Login-parol tizimi | Administratorlar | Foydalanuvchilar | Login rol prefiksi, maktab kodi va tartib raqamidan tuziladi: o'quvchi st1045001, uning ota-onasi p1045001, o'qituvchi t1045001, maktab administratori sa1045001. O'quvchi va ota-onada login va parol bir xil. Eski loginlar «Login-parolni yangi formatda qayta yaratish» tugmasi bilan o'tkaziladi. |
| Login-parollar ro'yxati (Excel) | Administratorlar | Foydalanuvchilar → Ro'yxat (Excel, ustunli) | FIO, maktab, sinf (7-sinfA), yo'nalish (ANIQ), login va parol ustunli oddiy Excel. Faqat o'quvchilar tanlansa 6 ustun, aralash ro'yxatda rol, fanlar yoki farzand ustuni ham bo'ladi. Parol yashirin bo'lsa «—» chiqadi: «Yangi parol berish» bilan yangilab, qayta yuklab oling. Sozlamalarda login ko'rinishini st + 6 tasodifiy raqam (st172015) qilish mumkin. |
| Huquqiy hujjatlar va rozilik | Hamma | Sahifa pastidagi havolalar; boshqaruv: Huquqiy hujjatlar | Ommaviy oferta, Foydalanish shartlari, Maxfiylik siyosati va Cookie siyosati uch tilda saytda ochiq turadi. Ro'yxatdan o'tishda (sayt va bot) va obuna arizasida rozilik belgisi qo'yiladi, hujjatlar yangi tahrirga o'tsa xodimlardan kirishda qayta so'raladi. Har bir rozilik vaqti, tahriri, IP manzili bilan Roziliklar jurnalida saqlanadi (Excel/PDF). Rekvizitlar (operator, STIR, manzil, bank) va matnlarni respublika administratori o'zgartiradi. |
| Cookie roziligi | Hamma | Sahifa pastidagi oyna yoki «Cookie sozlamalari» havolasi | Tizimga kirish, til va xavfsizlik uchun zarur cookie fayllari doim ishlaydi. Anonim tashriflar statistikasi cookie si faqat «Hammasini qabul qilish» yoki sozlashda belgilansa qo'yiladi. Tanlovni istalgan vaqtda o'zgartirish mumkin; test topshirish sahifasida oyna chiqmaydi. |
| Kutilmoqda | Hamma | Kutilmoqda | Sizni kutayotgan hamma ish bir joyda, o'z rolingiz bo'yicha: arizalar, parol so'rovlari, moderatsiya, e'tirozlar, qulflangan o'quvchilar, tekshiriladigan javoblar, yaqin testlar, o'quvchining ochiq testlari, farzandning natijalari. Menyuda va tepada son ko'rinadi; ish bajarilgach o'zi yo'qoladi. |
| Profil va parol | Hamma | Profil | Parolni almashtirish. Birinchi kirishda parolni almashtirish talab qilinishi mumkin. |
| Parolni unutdim | Hamma | Kirish sahifasi → Parolni unutdingizmi? | Foydalanuvchi loginini yozib so'rov qoldiradi. So'rov mas'ul administratorga boradi: o'quvchi, ota-ona va o'qituvchi uchun — maktab administratori, maktab administratori uchun — respublika administratori. U bosh sahifada va Foydalanuvchilar ro'yxatida 🔑 belgisini ko'radi va yangi parol yoki bir martalik tiklash kodini beradi. Pullik SMS yoki pochta ishlatilmaydi. |
| Profil rasmi | Hamma | Profil | JPG, PNG yoki WEBP rasm yuklanadi, kvadrat qilib qirqiladi va menyuda, foydalanuvchilar ro'yxatida ko'rinadi. O'quvchi va ota-onalarga ruxsat va rasm hajmi Sozlamalarda o'zgartiriladi. Administrator nomaqbul rasmni o'chira oladi. |
| Bir nechta rol | Hamma xodimlar | Foydalanuvchini tahrirlash → Qo'shimcha rollar; ism ustiga bosiladigan menyu | Bitta hisobga bir nechta rol beriladi (masalan, o'qituvchi ham maktab administratori, ham ota-ona). Rolni yuqori turuvchi rahbar qo'shadi, foydalanuvchi menyudan bir bosishda almashtiradi. Login, parol va rasm bitta qoladi. |
| Til va dizayn | Hamma | Ism ustiga bosiladigan menyu; yuqori panel | O'zbek, rus va qoraqalpoq tillari (ism ustiga bosiladigan menyudagi UZ / RU / QQ tugmalari). 6 xil ekran mavzusi (yuqori paneldagi tugma): yorug', AdminLTE (klassik boshqaruv paneli), qorong'i, ko'z himoyasi, avtomatik va yuqori kontrast. Platforma uchun standart mavzu Sozlamalarda tanlanadi. |
Obuna
| Funksiya | Kim uchun | Qayerda | Qanday ishlaydi |
|---|---|---|---|
| Obuna | Maktab administratori va o'qituvchi | Obuna | Maktab o'z nomidan oylik yoki test paketi (masalan 50 test) obunasini oladi, u maktabning barcha o'qituvchilariga amal qiladi. O'qituvchi shaxsiy obuna olishi mumkin. Tarifni tanlab, to'lov chekini yuklaysiz, administrator tasdiqlagach obuna ochiladi. 1 test = bitta sinf × bitta fan; hech kim boshlamagan test o'chirilsa paketga qaytadi. Obunada bo'lmagan bo'limlar menyuda qulf belgisi bilan ko'rinadi va «Obuna kerak» deb yo'l ko'rsatadi. |
| Obunalar | Respublika administratori | Boshqaruv → Obunalar | Tariflar (maktab yoki o'qituvchi, oylik yoki test soni, narx, ochiladigan imkoniyatlar), so'rovlarni tasdiqlash yoki rad etish, istalgan maktab yoki o'qituvchiga obunani bevosita berish, maktabni to'lovdan ozod qilish yoki ma'lum sanagacha bepul qilish. Sozlamalar: tizimni yoqish, to'lov rekvizitlari, ogohlantirish kunlari. Tizim o'chiq bo'lsa hech narsa cheklanmaydi. |
| Test kirituvchilar | Respublika administratori | Boshqaruv → Obunalar → Test kirituvchilar | Har bir muallifning respublika banki testlari, savollar soni, ularni ishlatgan maktablar va o'quvchilar soni, davr bo'yicha filtr va Excel. Mukofot pul yoki o'qituvchi obunasi sifatida beriladi, tarix va qoldiq ko'rinadi. |
Telegram bot
| Funksiya | Kim uchun | Qayerda | Qanday ishlaydi |
|---|---|---|---|
| Bot orqali ro'yxatdan o'tish | Ota-ona, o'qituvchi, maktab administratori | Bot → /start → Ro'yxatdan o'tish (yoki /register) | Rol tanlanadi, F.I.Sh. yoziladi, telefon «Raqamni yuborish» tugmasi bilan olinadi, viloyat, tuman va maktab tugmalar bilan (yoki nomi yozib) tanlanadi. Maktab ro'yxatda bo'lmasa, maktab administratori uning nomini yozadi. Login avtomatik beriladi, parolni o'zi yozadi (xabar darhol o'chiriladi) yoki avtomatik yaratadi. Ota-ona farzandining kodi bilan darhol kiradi, xodimning arizasi tasdiqlanadi va tasdiq xabari botga keladi. «Parolni unutdim» so'rovi ham botdan yuboriladi. |
| Botdagi boshqaruv | Administratorlar | Bot → Boshqaruv / Foydalanuvchilar | Foydalanuvchini qidirish: parolni ko'rish, yangi parol berish, blokdan chiqarish, faollashtirish, o'quvchining sinfini almashtirish, arizani tasdiqlash. Respublika administratori uchun yana: sayt sozlamalari (ro'yxatdan o'tish, obuna tizimi, chat, sessiya muddati, aloqa ma'lumotlari va boshqalar, o'zgartirishdan oldin tasdiq so'raladi), maktablar (faollik, to'lovdan ozod, +1 oy bepul), obuna arizalarini tasdiqlash, moderatsiya (tasdiqlash yoki izoh bilan qaytarish), audit jurnali, texnik ishlar rejimi. Hamma amal audit jurnaliga yoziladi. |
| Parolni bot orqali tiklash | Hamma | Bot → Parolni unutdim (yoki saytda «Parolni tiklash» → «Telegram orqali tiklash») | Telefon raqami faqat «Raqamni yuborish» tugmasi bilan yuboriladi va hisobdagi raqam bilan solishtiriladi (o'quvchi ota-onasining raqami orqali ham tiklaydi). Bir nechta hisob bo'lsa, kerakligi tanlanadi. Botga 6 xonali bir martalik kod keladi: 5 daqiqa amal qiladi, 5 marta xato kiritilsa bekor bo'ladi, bitta hisobga soatiga 3 tagacha kod. Kod botda yoki saytdagi «Menda tiklash kodi bor» bo'limida kiritiladi, so'ng yangi parol o'rnatiladi va boshqa qurilmalardagi kirishlar yopiladi. Raqam hisobda bo'lmasa, maktab administratori uni hisobga yozib qo'yadi. |
| Botni ulash | Respublika administratori | Boshqaruv → Telegram bot | Faqat ikki narsa so'raladi: @BotFather bergan token va administratorning Telegram ID si (@userinfobot beradi). «Saqlash va ulash» bosilgach, webhook, menyu va buyruqlar avtomatik sozlanadi. Shu ID bilan botga /start yozilsa, administrator parolsiz ulanadi. |
| Hisobni botga ulash | Barcha rollar | Profil → Telegram bot | «Telegram'ni ulash» tugmasi QR kod va havola beradi (30 daqiqa, bir marta). Yoki botda login va parol yuboriladi: parol xabari darhol o'chiriladi, 15 daqiqada 5 ta xatodan keyin kutiladi. Ikki bosqichli himoyasi bor hisoblar faqat sayt orqali ulanadi. |
| Botdagi imkoniyatlar | Barcha rollar | Telegram bot menyusi | Administrator: statistika, kutayotgan ishlar, arizalarni tasdiqlash, parol so'rovlari (yangi parol faqat so'raganning o'z Telegramiga boradi), test tayinlash, testni to'xtatish va uzaytirish, qulflangan o'quvchini ochish, e'lon, texnik rejim va bo'limlarni to'xtatish. Maktab administratori va o'qituvchi: o'z maktabi va sinflari bo'yicha shular, hamda sinfga o'quvchi qo'shish. O'quvchi va ota-ona: testlar, natijalar (to'g'ri X / N, ball, foiz, CHSB balli), e'lonlar; ota-ona farzandini kod bilan qo'shadi. |
| Bildirishnomalar | Barcha rollar | Bot → Profil → Bildirishnoma turlari | Yangi test, boshlanishidan 30 daqiqa oldin eslatma, natija, e'lon, kunlik xulosa, arizalar va parol so'rovlari. Har bir turini alohida o'chirish mumkin. Xabarlar navbat orqali yuboriladi, cron kerak emas. |
| Bot statistikasi | Respublika administratori, maktab administratori | Boshqaruv → Bot statistikasi | Botga ulanganlar (jami va foizda, rol, viloyat va maktab bo'yicha), faol foydalanuvchilar, kunlik xabar va bildirishnomalar grafigi, eng ko'p ishlatilgan bo'limlar, yetkazilgan va yetkazilmagan bildirishnomalar, botni bloklaganlar, bot va sayt orqali bajarilgan amallar solishtiruvi. Sana, rol, viloyat va maktab bo'yicha filtr, har bir jadval Excel'ga yuklanadi. Maktab administratori faqat o'z maktabini ko'radi. Xabar matni saqlanmaydi. |
Aloqa
| Funksiya | Kim uchun | Qayerda | Qanday ishlaydi |
|---|---|---|---|
| E'lonlarda rasm, video, fayl va havolalar | E'lon yozuvchilar | E'lonlar → Yangi e'lon → «Rasm, video, fayl va havolalar» | E'longa bir nechta rasm (galereya bo'lib chiqadi, bosilsa kattalashadi), MP4 video yoki YouTube havolasi, PDF, Word, Excel va PowerPoint hujjatlari hamda «Matn | havola» ko'rinishidagi tugmalar qo'shiladi. Matndagi havolalar bosiladigan bo'ladi, #heshteglar bo'yicha e'lonlarni saralash mumkin. E'lon Telegram botga ham boradi: matn tugmalar bilan, rasmlar albom bo'lib, hujjatlar fayl sifatida. |
| E'lonlar | Rahbarlar va o'qituvchi yuboradi, hamma o'qiydi | E'lonlar | Butun platforma, maktab yoki sinfga e'lon. Kimlarga (o'qituvchi, o'quvchi, ota-ona) tanlanadi, muhimini tepaga mahkamlash mumkin. |
| Xodimlar chati: umumiy guruh | Administratorlar, moderatorlar, maktab administratori va o'qituvchilar | Chat | Barcha xodimlar bitta umumiy guruhda yozishadi (Sozlamalar → Chat: butun platforma uchun bitta guruh yoki har maktabga alohida guruh; ikkinchi holda respublika xodimlari maktabni tanlab ochadi). Xabarlar bir necha soniyada o'zi yangilanadi. Enter — yuborish, Shift+Enter — yangi qator. Havolalar bosiladigan bo'ladi. O'quvchi va ota-onalarga chat yo'q. |
| Shaxsiy xabarlar (lichka) | Administratorlar, moderatorlar, maktab administratori va o'qituvchilar | Chat → Yangi suhbat | Xodimni ismi, logini yoki maktabi bo'yicha topib, unga shaxsan yoziladi. Maktab xodimlari o'z maktabi xodimlari va respublika xodimlariga, respublika xodimlari hammaga yoza oladi. Suhbatlar oxirgi xabar bo'yicha saralanadi, o'qilmaganlar soni menyudagi «Chat» yonida chiqadi. |
| Xabarni tahrirlash va o'chirish | Xabar egasi; guruhda — administrator, moderator va maktab administratori | Chat | O'z xabaringizni tahrirlash (qalam belgisi yoki bo'sh maydonda ↑) va o'chirish mumkin; o'chirilgan xabar o'rnida «Xabar o'chirildi» yoziladi. Respublika administratori va moderator istalgan guruh xabarini, maktab administratori o'z maktabi guruhidagi xabarni o'chira oladi — bu audit jurnaliga yoziladi. Eski xabarlarni avtomatik o'chirish muddati Sozlamalarda (0 — abadiy). |
| Bildirishnomalar | Hamma | Yuqoridagi qo'ng'iroqcha | Yangi e'lonlar soni va oxirgi e'lonlar ro'yxati. |
| Test jadvali | Hamma | Test jadvali | Oy kalendarida o'ziga tegishli testlar va yaqin 30 kunlik ro'yxat. |
| Ota-ona kabineti | Ota-ona | Farzandlarim | Farzandining testlari, natijalari, o'rtacha natijasi, natijalar tarixi va sertifikatlari. |
Boshqaruv
| Funksiya | Kim uchun | Qayerda | Qanday ishlaydi |
|---|---|---|---|
| Havolalar va hamkorlar | Respublika administratori | Boshqaruv → Havolalar va hamkorlar | Foydali havolalar (rasmiy manbalar, metodik materiallar, platforma), hamkorlar logotipi bilan va qisqa xabarlar. Har birining uch tildagi nomi, belgisi, kimlarga ko'rinishi, muddati va tartibi bor. Havolalar «Foydali havolalar» sahifasida va bosh sahifa footerida, hamkorlar bosh sahifada chiqadi. Bosishlar soni sanaladi. |
| Aylanuvchi qator | Hamma | Barcha sahifalar tepasi | «Tepada aylansin» belgilangan havolalar, qisqa xabarlar va e'lonlar sahifa tepasida yugurib turadi. Sichqoncha olib borilsa to'xtaydi, «×» bilan yopiladi (yangi xabar kelsa yana chiqadi). E'lon yozishda «Sahifa tepasida aylanib tursin» va qaysi sanagacha ekanini belgilash kifoya. Test oynasida chiqmaydi. Sozlamalari Havolalar va hamkorlar sahifasida. |
| Maktab ID'si | Respublika administratori | Hududlar va maktablar | Har bir maktabning ID'si: viloyat kodi (2 xona) + tuman kodi (2 xona) + maktab raqami (3 xona), masalan 0304001. Kodlar avtomatik beriladi. Viloyat kodlari va Tumanlar bo'limida o'zgartiriladi. Qidiruvda ID bo'yicha ham topiladi, sinf hisobotida ko'rinadi. |
| Hududlar va maktablar | Respublika administratori | Hududlar va maktablar | Viloyat, tuman va maktablarni qo'shish (CSV bilan ham), maktab ID kodini belgilash, maktabni vaqtincha to'xtatish (Faol tugmasi). O'zbekistonning barcha 14 ta viloyati va 208 ta tuman/shahri o'rnatishda o'zi qo'shiladi (yoki Tumanlar bo'limidagi tugma bilan). Bo'sh maktab o'chiriladi; ma'lumoti bor maktab arxivga olinadi: hammasi saqlanadi, foydalanuvchilari kira olmaydi. «Arxiv» bo'limidan tiklanadi yoki barcha ma'lumotlari bilan butunlay o'chiriladi. Sahifa pastidagi «Bazani tozalash» (TOZALASH deb yozib tasdiqlanadi) barcha maktablarni ma'lumotlari bilan o'chirib, bazani bo'm-bo'sh qiladi; viloyat, tuman, fanlar, respublika banki va administratorlar qoladi. |
| Rollar | Respublika administratori | Foydalanuvchilar | Rollar: respublika administratori, moderator, maktab administratori, o'qituvchi, ota-ona, o'quvchi. Viloyat va tuman administratori rollari yo'q. Bitta maktabga bitta administrator (chegara Sozlamalarda o'zgartiriladi, 0 — cheklanmagan). |
| Foydalanuvchilar | Har bir rahbar o'zidan past rollar uchun | Foydalanuvchilar | Qo'shish, tahrirlash, o'chirish, CSV'dan ommaviy yuklash, parolni ko'rish va tiklash, arizalarni tasdiqlash. |
| Login-parollarni chop etish | Administratorlar | Foydalanuvchilar → Login-parollar | Sinf bo'yicha kesib beriladigan kartochkalar yoki Excel fayl. |
| Fanlar | Respublika administratori | Fanlar | Umumta'lim maktabining 1–11-sinf fanlari tayyor qo'shilgan. Fan qo'shish, nomini o'zgartirish va savoli yo'q fanni o'chirish mumkin. |
| Sinflar va yo'nalishlar | Maktab administratori | Sinflar | Sinflar jadvalda belgilab bir yo'la yaratiladi (qator yoki ustun nomi bosilsa, butunlay belgilanadi). Sinf nomlarini har maktab o'zi belgilaydi: harf (A, B, D), rang (Green, Blue) yoki shaxs nomi (Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug'bek). Belgilangan sinflarni keyingi sinfga o'tkazish (yangi o'quv yili), yo'nalishini o'zgartirish yoki o'chirish mumkin. Yo'nalishli test faqat shu yo'nalish sinflariga beriladi. |
| Maktab tarmog'i | Maktab administratori (yuqori rahbarlar ham) | Maktab tarmog'i | Test faqat ro'yxatdagi IP manzillardan, ya'ni maktab kompyuterlaridan ishlanadi. Bitta IP, tarmoq (192.168.1.0/24), yulduzcha yoki oraliq yoziladi; "Butun tarmoqni qo'shish" tugmasi bor. Ro'yxat bo'sh bo'lsa, cheklov yo'q. |
| Texnik ishlar rejimi | Respublika administratori | Texnik ishlar va ogohlantirishlar | Platformani hoziroq yoki oldindan belgilangan vaqtga (butun platforma, bitta viloyat yoki maktab uchun) yopish. Oldindan hamma sahifada ogohlantirish chiqadi, yangi test boshlash oldinroq yopiladi, boshlangan testlar oxirigacha yechiladi. Baza ishlamasa, sayt papkasiga maintenance.flag fayli qo'yiladi. |
| Bo'limlarni to'xtatish (tanaffus) | Respublika administratori | Texnik ishlar va ogohlantirishlar | Ro'yxatdan o'tish, chat, test tuzish, test tayinlash yoki yangi test boshlashni vaqtincha to'xtatish; foydalanuvchi sababini ko'radi. |
| Tizim ogohlantirishlari | Respublika administratori | Texnik ishlar va ogohlantirishlar | Barcha sahifalar tepasida chiqadigan xabar: turi (ma'lumot, ogohlantirish, muhim, xushxabar), kimlarga, qachondan qachongacha. Muhim xabarni yopib bo'lmaydi. |
| Sayt statistikasi | Respublika administratori | Sayt statistikasi | Saytga kirganlar soni: ro'yxatdan o'tmagan mehmonlar ham. Bugun, 7, 30, 90 kun va 1 yil; hozir saytdagilar, kunlar va soatlar grafigi, eng ko'p ochilgan sahifalar, qayerdan kelishgani, qurilma, til, viloyat va maktablar. Excelga yuklab olish. Bosh sahifadagi hisoblagich sozlamada yoqiladi. |
| Reklama bannerlari | Respublika administratori | Reklama bannerlari | Rasmli yoki matnli banner: joylashuv, auditoriya, hudud, muddat, ko'rishlar va bosishlar statistikasi. Test yechish oynasida hech qachon chiqmaydi. |
| Sozlamalar | Respublika administratori | Sozlamalar | CHSB maksimal balli (40), natija darajalari (foizlar), test tuzilmasi (bo'limlar va ballar), yo'nalishlar, sertifikat chegarasi, xavfsizlik sozlamalari. |
| Standart qiymatlar va chegaralar | Respublika administratori | Sozlamalar | Hech narsa qat'iy emas: vaqt, urinishlar, ball, savollar soni, PIN va kirish bloki, javob uzunligi, sertifikat foizi standart qiymat sifatida beriladi. Testga oid qiymatlarni (vaqt, urinishlar, ball, savollar soni) o'qituvchi har bir testda o'zgartira oladi. |
| Audit jurnali | Respublika administratori | Audit jurnali | Kim, qachon, nima qilgani yoziladi: kirish, parol ko'rish, test o'chirish va boshqalar. |
| Jonli kuzatuv | Respublika administratori | Boshqaruv → Jonli kuzatuv (alohida live subdomenida ochiladi) | Butun tizim jonli: kim onlayn, qaysi IP dan, qaysi sahifani ochdi va nima qildi, hozirgi imtihonlar, noto'g'ri kirishlar, dastur xatolari va sekin sahifalar. Shubhali IP ni bloklash, sessiyani yopish, foydalanuvchini faolsizlantirish, xatoni «hal qilindi» deb belgilash mumkin. Parol va kodlar jurnalga yozilmaydi. |
| Ro'yxat bilan o'quvchi qo'shish | Maktab administratori | Sinflar → «+ O'quvchilar» yoki Foydalanuvchilar | Excel'dagi ism-familiyalarni nusxa olib maydonga qo'yish kifoya: sinf tanlanadi, login-parollar avtomatik yaratiladi. Yoniga ota-ona ismi va telefoni qo'yilsa, ota-ona ham yaratiladi. |
| Zaxira nusxa | Respublika administratori | Zaxira nusxa | Butun baza bitta tugma bilan .sql.gz fayl qilib, rasm va fayllar esa zip qilib yuklab olinadi. Bir haftadan beri nusxa olinmasa, bosh sahifada eslatma chiqadi. Tiklash: cPanel → phpMyAdmin → Import. |
| Sayt ko'rinishi | Respublika administratori | Sozlamalar | Sayt nomi, shiori, pastki yozuvi, aloqa telefoni, logotipi, favicon belgisi va asosiy rangi Sozlamalarda o'zgartiriladi. Logotip menyu, kirish sahifasi va sertifikatda ko'rinadi. |
Natijalar
| Funksiya | Kim uchun | Qayerda | Qanday ishlaydi |
|---|---|---|---|
| Avtomatik hisobotlar | Respublika administratori, maktab administratori, o'qituvchi | Hisobotlar → Avtomatik hisobotlar | Test vaqti tugagach (ochiq javoblar tekshirilgach) tizim rasmiy hisobotlarni o'zi tuzadi: sinf, maktab, tuman, viloyat va respublika kesimida, QR kodli PDF va Excel. Faqat ball va foiz. Botga avtomatik yuboriladi: sinf hisoboti o'qituvchiga, maktabniki maktab administratoriga, yuqori kesimlar respublika administratoriga. Sozlamalar bo'limida qaysi kesim yuborilishi, kutish vaqti va fayl turi tanlanadi. Botdagi «Hisobotlar» tugmasi oxirgi hisobotlarni beradi. |
| Jonli kuzatish | O'qituvchi | Natijalar | Kim yechayapti, kim topshirdi, qulflanganlar. Qayta topshirish, qurilmani almashtirish, testni yakunlash tugmalari. |
| Savollar tahlili | O'qituvchi | Natijalar | Har bir savol va bo'lim bo'yicha o'zlashtirish foizi va qiyinligi (oson, o'rtacha, qiyin). Yopiq savollarda har bir variantni nechta o'quvchi tanlagani ko'rinadi: xato tuzilgan yoki chalg'ituvchi variantlar darhol bilinadi. |
| Hisobotlar | Rahbarlar, o'qituvchi | Hisobotlar | Viloyat, tuman, maktab va sinf kesimida o'rtacha natija, bilish, qo'llash va mulohaza bo'yicha o'zlashtirish, sifat va o'zlashtirish foizi. Excel'ga yuklab olish. |
| Sinf hisoboti (PDF) | O'qituvchi, rahbarlar | Natijalar → Sinf hisoboti yoki Hisobotlar → Hisobot | Har bir o'quvchining bilish, qo'llash, mulohaza bo'yicha bali, jami ball, CHSB balli (40 dan) va foiz; qatnashmaganlar; natijalar taqsimoti va bo'limlar diagrammasi; fan o'qituvchisi imzosi. Rasmiy A4 shakl, kam varaq: bir nechta fan bo'lsa, umumiy jadval yoki har bir fan alohida tanlanadi, har fan bo'yicha o'z o'qituvchisi imzo qo'yadi. Diagrammalar xohishga ko'ra chop etiladi. Tugma bosilib «PDF sifatida saqlash» tanlanadi yoki chop etiladi. |
| Reyting | Rahbarlar, o'qituvchi | Reyting | Eng yaxshi o'quvchilar, sinflar, maktablar va tumanlar. Fan, chorak va sinf bo'yicha saralash, Excel'ga yuklash. |
| Test bo'yicha respublika reytingi | Rahbarlar, o'qituvchi, o'quvchi | Reyting → Test bo'yicha | Bankdagi bitta testni ishlagan barcha o'quvchilar: o'rin, to'g'ri javoblar, ball, foiz va vaqt. Viloyat, tuman va maktab kesimida, maktablar va hududlar reytingi. O'quvchi natija sahifasida o'z o'rnini ko'radi. |
| Natijalar tarixi | O'quvchi, ota-ona, o'qituvchi | Natijalarim | Barcha natijalar (to'g'ri javoblar, ball, foiz), o'sish grafigi, fanlar bo'yicha o'rtacha va sinfdagi o'rin. |
| Sertifikat | O'quvchi, ota-ona | Natijalarim | Bilim foizi belgilangan chegaradan (standart: 71%) yuqori bo'lsa chop etiladigan sertifikat. PDF qilib saqlash mumkin. |
| Sertifikatni tekshirish | Hamma (kirishsiz) | Sertifikatni tekshirish | Sertifikatdagi kod kiritilsa, uning haqiqiyligi va natijasi ko'rsatiladi. |
| Excel va PDF eksport | Hamma rahbarlar va o'qituvchilar | Barcha jadvallar | Har bir jadval ustida «Excel» va «PDF» tugmalari bor: Excel ekrandagi jadvalni faylga yuklaydi, PDF faqat shu jadvalni chop etish oynasida ochadi («PDF sifatida saqlash»). Natijalar, Hisobotlar, Reyting va Sessiyada butun ro'yxatni yuklaydigan «Excel'ga yuklash» tugmasi ham bor. Foydalanuvchilar, maktablar, fanlar va testlar Excel'dan (CSV) yuklanadi. |
Qulayliklar
| Funksiya | Kim uchun | Qayerda | Qanday ishlaydi |
|---|---|---|---|
| Ommaviy amallar | Hamma rahbarlar va o'qituvchilar | Foydalanuvchilar, maktablar, sinflar, fanlar, testlar, natijalar, e'lonlar, moderatsiya, maktab tarmog'i | Qatorni bosib belgilanadi (Shift bilan bosilsa oraliqdagi hamma qatorlar). Pastda buyruqlar paneli chiqadi: o'chirish, faollashtirish, parol berish, sinfga o'tkazish va boshqalar tugma ko'rinishida. Amal bajarilishidan oldin nechta yozuvga qo'llanishi so'raladi. |
| Tanlash tugmalari | Hamma | Barcha formalar | Ochiladigan ro'yxatlar o'rniga: variantlar kam bo'lsa, tugmalar qatori; ko'p bo'lsa, qidiruvli ro'yxat oynasi (telefonda pastdan chiqadi); bir nechta tanlanadigan joyda belgilash katakchalari. |
| Maydon izohlari (?) | Hamma | Barcha formalar | Maydon nomi yonidagi (?) belgisiga sichqonchani olib borsangiz yoki bossangiz, u yerga nima yozish kerakligi tushuntiriladi. |
| Xato qayerdaligini ko'rsatish | Hamma | Barcha formalar | Majburiy maydon to'ldirilmasa yoki qiymat noto'g'ri bo'lsa, o'sha maydon qizil bilan belgilanadi, ostida sababi yoziladi va kursor shu maydonga o'tadi. Kiritilgan ma'lumotlar o'chib ketmaydi. |
| Saqlanmagan o'zgarishlar va Ctrl+S | Hamma | Barcha formalar | Formani to'ldirib, saqlamasdan boshqa sahifaga o'tmoqchi bo'lsangiz, ogohlantirish chiqadi. Ctrl+S formani saqlaydi. Caps Lock yoqilgan bo'lsa, parol maydonida eslatma chiqadi. |
| Qidiruv tizimlarida ko'rinish | Respublika administratori | Sozlamalar → Qidiruv tizimlari | Bosh sahifa, kirish, yo'riqnoma va sertifikatni tekshirish sahifalari Google va Yandex'da uch tilda ko'rinadi, shaxsiy sahifalar yopiq. Sayt tavsifi va Google/Yandex tasdiqlash kodi shu yerda kiritiladi, sayt xaritasi: sitemap.xml. |
| Jonli qidiruv, filtr va saralash | Hamma | Barcha ro'yxatlar | Qidiruvga yozish yoki filtrni tanlash bilan ro'yxat darhol yangilanadi. Har bir jadvalda № ustuni bor, ustun sarlavhasini bosib saralanadi. Fan, maktab, test va foydalanuvchini Faol tugmasi bilan yoqib-o'chirish mumkin. |
| Bosh panel | Rahbarlar, o'qituvchi | Bosh sahifa | Asosiy ko'rsatkichlar, jonli testlar, 14 kunlik grafik, natijalar taqsimoti, yaqin testlar va e'lonlar. |
| Tezkor qidiruv (Ctrl+K) | Hamma | Yuqoridagi qidiruv maydoni | Istalgan sahifa, o'quvchi, xodim, test yoki maktabni nomi bo'yicha topib, darhol o'tish. |
| Telefon va planshet | Xodimlar va ota-onalar | Hamma sahifalar | Sayt telefonga moslashadi. O'quvchilar uchun esa imtihon adolatli bo'lishi uchun faqat kompyuter. |
Test tuzish
| Funksiya | Kim uchun | Qayerda | Qanday ishlaydi |
|---|---|---|---|
| Yaxlit test tuzish | O'qituvchi, moderator | Testlar banki | Butun test bitta sahifada tuziladi: bilish, qo'llash, mulohaza bo'limlari. Har bo'lim uchun savollar soni va ball sozlanadi (standart 15 savol, 40 ball). |
| Savolga alohida ball | O'qituvchi, moderator | Test muharriri | Har bir savolning bali bo'lim baliga teng, lekin istalgan savolga boshqa ball yozish mumkin (sariq bilan ajraladi). Savollar soni va vaqt ham har bir testda o'zgartiriladi. |
| Yopiq va ochiq savollar | O'qituvchi, moderator | Test muharriri | Yopiq: bitta yoki bir nechta to'g'ri javob, moslashtirish. Ochiq: qisqa javob (avtomatik tekshiriladi) yoki erkin javob (o'qituvchi tekshiradi). Test turi yopiq, ochiq yoki aralash deb ko'rsatiladi. |
| Word fayldan yuklash | O'qituvchi, moderator | Testlar banki → Yangi test | Tayyor .docx test yuklanadi: savollar, variantlar va rasmlar o'zi ajratiladi. Qalin, tagiga chizilgan yoki rangli variant to'g'ri javob deb olinadi. |
| Matndan joylash | O'qituvchi, moderator | Testlar banki → Yangi test | Word yoki Telegramdagi test matni nusxalab qo'yiladi. Yonida jonli ko'rinish: har bir savol qanday o'qilgani va xatolar darhol ko'rinadi. |
| Excel (CSV) fayldan | O'qituvchi, moderator | Testlar banki → Yangi test | Har qatorda bitta savol: bo'lim; turi; savol; variantlar; to'g'ri javob. Namuna fayl beriladi. |
| Matematik formulalar | O'qituvchi, moderator | Test muharriri (∑ tugmasi) | Kasr, daraja, ildiz, indeks va belgilar formula qilib yoziladi va o'quvchiga chiroyli ko'rinishda chiqadi. ∑ tugmasi formulani qo'yadi, savol ostida jonli ko'rinish chiqadi. Saytning o'zida ishlaydi, internetdan hech narsa yuklanmaydi. |
| Rasm qo'yish (Ctrl+V) | O'qituvchi, moderator | Test muharriri | Skrinshot yoki rasmni nusxalab, savolga Ctrl+V bilan joylash yoki savol ustiga sudrab tashlash mumkin. Audio, video va YouTube ham qo'shiladi. |
| Avtosaqlash | O'qituvchi, moderator | Test muharriri | Yozilgan savollar brauzerda qoralama bo'lib turadi. Sahifa yopilsa yoki internet uzilsa, qayta ochganda tiklash taklif qilinadi. |
| Respublika bankiga taklif | O'qituvchi | Test muharriri | Sifatli testni respublika bankiga yuborish. Moderator tasdiqlasa, test barcha maktablarga muallif nomi bilan beriladi. |
| Moderatsiya | Moderator | Moderatsiya | Maktablardan kelgan testlar va tarjimalarni tekshirish, tasdiqlash yoki izoh bilan rad etish. |
| Testdan nusxa olish | O'qituvchi, maktab administratori, moderator | Testlar banki; Respublika testlari | Ko'ra oladigan istalgan testning (o'zingizniki, maktabingizniki, respublika bankidagi) to'liq nusxasi: savollar, variantlar, rasmlar, formulalar, bo'limlar va ballar. Nusxa sizniki bo'ladi, xohlagancha o'zgartirib, o'z sinflaringizga tayinlaysiz; asl test o'zgarmaydi, nusxa natijalari asl testning reytingiga qo'shilmaydi. Nusxada «Asl test, muallif» ko'rsatiladi. |
| Tarjima nusxasi | O'qituvchi, maktab administratori, moderator | «Nusxa olish» menyusi | Testni qoraqalpoq, rus yoki o'zbek tiliga tarjima qilish: har bir savol ichida asl matn to'g'ri javoblari bilan ko'rinadi, tepada «tarjima qilingan X / N» holati. Tarjima nusxasini o'z sinflaringizga tayinlaysiz yoki asl testning rasmiy tarjimasi sifatida moderatsiyaga yuborasiz: tasdiqlangach, asl testni yechayotgan o'quvchilar ham o'z tilida ko'radi. |
| Respublika testlari katalogi | O'qituvchi, maktab administratori | Respublika testlari | Tayyor testlarni fan, sinf, chorak va yo'nalish bo'yicha topib, sinfga tayinlash. |
Imtihon
| Funksiya | Kim uchun | Qayerda | Qanday ishlaydi |
|---|---|---|---|
| Suv belgisi va ekranni rasmga olish | Respublika administratori | Sozlamalar → Imtihon → «Suv belgisi va ekranni olish» | Test sahifasida o'quvchi ID va logini, ismi, sinfi, maktabi, sayt nomi va vaqt xira qiya yozuv bo'lib takrorlanadi: skrinshot yoki telefon rasmi tarqalsa, kimniki ekani darhol bilinadi. Print Screen yoki Windows tugmasi bosilsa, oyna fokusdan chiqsa savollar xiralashadi, chop etishda savollar chiqmaydi, sahifa ichidan ekranni yozib olish rad etiladi. Suv belgisini yashirishga urinish qayta tiklanadi va o'qituvchi kuzatuvida ko'rinadi. Brauzer kompyuterning skrinshot dasturini to'liq to'xtata olmaydi, shuning uchun telefonlarni yig'ib olish va o'qituvchi nazorati ham kerak. |
| Sinfga tayinlash | O'qituvchi, maktab administratori | Test tayinlash | Test bir nechta sinfga bir yo'la beriladi: vaqt oralig'i, vaqt limiti, urinishlar soni, aralashtirish, natijani ko'rsatish. |
| Ko'p maktabga birdaniga tayinlash | Respublika administratori, moderator | Test tayinlash | Maktab ro'yxatidan «Ko'p maktabga birdaniga» tanlanadi: test, yo'nalish (masalan faqat «Aniq fanlar») va qamrov (butun respublika, viloyatlar, tumanlar yoki maktablar). Xulosada maktab, sinf va o'quvchilar soni chiqadi, keraksiz sinflardan belgi olinadi. Har maktabga alohida PIN; maktab o'qituvchisi PIN va monitoringni boshqaradi, lekin tayinlovni o'chira olmaydi. Keyin sinfga qo'shilgan o'quvchi ham testni ko'radi. |
| CHSB sessiyasi (bir nechta fan) | O'qituvchi, maktab administratori | Testlar → Sinfga test tayinlash | Bir nechta fan bitta sessiyaga birlashtiriladi. O'quvchi bitta PIN bilan kirgach, barcha fanlar bitta oynada ketma-ket chiqadi: tepada fanlar yorliqlari (javob berilgan / jami savollar), bitta umumiy taymer va bitta «Barcha fanlarni topshirish» tugmasi. Fanlar orasida sahifa yangilanmasdan o'tiladi, to'liq ekran saqlanadi. Umumiy vaqt — fanlar vaqtlarining yig'indisi yoki tayinlashda yozilgan «Sessiya umumiy vaqti». Qulf, qo'shimcha vaqt va svet o'chgandagi vaqt barcha fanlarga birga qo'llanadi; vaqt tugasa hammasi birga topshiriladi. Har fan alohida hisoblanadi: sessiya jadvalida har fan bo'yicha ball, foiz va o'rtacha natija. |
| PIN kod | O'qituvchi | Testlar → PIN | Test faqat sinfda doskaga chiqarilgan PIN bilan boshlanadi. Bitta tayinlashdagi barcha sinflar va sessiyaning barcha fanlari uchun PIN bitta. Bitta testga bitta PIN va bitta chit (qulfni ochish) kodi beriladi, ular test davomida o'zgarmaydi. Kod tarqalib ketsa, test sozlamalarida «Yangi PIN» bosiladi: yangi kodlar guruhdagi barcha testlarga birga qo'llanadi va botga darhol yuboriladi. Doskada (PIN sahifasida) faqat PIN ko'rinadi, chit kodi o'quvchilar bilmasligi uchun ko'rsatilmaydi; u faqat Testlar, Natijalar va test sozlamalarida o'qituvchiga ko'rinadi. Standart holda test to'liq ekranda o'tadi: to'liq ekrandan chiqilsa, savollar yopiladi. |
| Firibgarlikdan himoya | O'qituvchi | Test sozlamalari | Boshqa oynaga o'tish yoki matn joylash qayd etiladi va test qulflanadi. Ochish uchun o'qituvchi tugmani bosadi yoki 4 xonali kodni aytadi. To'liq ekran va bitta qurilma nazorati. |
| Kodlar kartasi Telegram botda | O'qituvchi, maktab administratori, respublika administratori | Profil → Telegram bot | Test tayinlangan zahoti bot rasm yuboradi: test nomi, fan, yo'nalish, sinf, maktab, vaqt, PIN va chit kodi. Rasm testni tayinlagan xodimga, shu maktab administratoriga va respublika administratoriga boradi. Test o'zgartirilsa, yangi PIN berilsa, savollar tahrirlansa, pauza yoki davom ettirilsa, to'xtatilsa, qayta yoqilsa yoki o'chirilsa, nima o'zgargani yozilgan yangi rasm darhol keladi. Ko'p maktabga birdan tayinlanganda respublika darajasiga barcha maktablar kodlari bitta jadval rasmida keladi. Botga ulanmaganlar kodlarni saytda ko'radi. |
| Pauza va davom ettirish | O'qituvchi, maktab administratori | Natijalar, Jonli monitoring, Testlar ro'yxati | Svet o'chsa, internet uzilsa yoki boshqa sabab bo'lsa, test sabab yozilib pauzaga qo'yiladi: butun tayinlash, bitta sinf yoki bitta o'quvchi. Pauzada o'quvchining taymeri to'xtaydi, savollar yashiriladi, javoblar saqlanadi, yangi boshlash ham to'xtaydi. «Davom ettirish» bosilganda o'quvchi qolgan vaqtidan davom etadi; test tugash vaqti pauza davomiyligiga uzayadi (Sozlamalar → Test pauzasi). Sessiyada barcha fanlar birga pauzaga qo'yiladi. |
| Test topshirish | O'quvchi | Mening testlarim | Javoblar darhol saqlanadi, taymer, savollar navigatsiyasi, bittadan yoki hammasini ko'rsatish, belgilab qo'yish. Vaqt tugasa test o'zi topshiriladi. |
| Internet uzilsa | O'quvchi | Test sahifasi | Javob saqlanmasa, ekran tepasida qizil ogohlantirish chiqadi. Javoblar shu kompyuterda saqlanib turadi (sahifa yangilansa ham yo'qolmaydi) va aloqa tiklanishi bilan o'zi yuboriladi. Vaqt internet yo'qligida tugasa, test aloqa qaytgach o'zi yakunlanadi. |
| Matn kattaligi | O'quvchi | Test sahifasi (A− / A+) | O'quvchi savollar matnini 4 bosqichda kattalashtiradi. Tanlov shu kompyuterda eslab qolinadi. |
| Baholash mezonlari | O'quvchi, o'qituvchi, ota-ona | Test oldidan va natija sahifasida | Bilim foizidan CHSB balli (40 dan) qanday hisoblanishi, bo'limlar, savollar soni va har savol bali jadvalda ko'rsatiladi. |
| Ochiq javoblarni tekshirish | O'qituvchi | Natijalar → Ochiq javoblarni tekshirish | Erkin javoblarga ball (0,1 aniqlikda) va izoh qo'yiladi. Tekshirilmaguncha o'quvchi yakuniy natijani ko'rmaydi. |
